“Pangat qishlog‘i va Nurota tizmasining tabiati” uch kunlik sayohat

“Pangat qishlog‘i va Nurota tizmasining tabiati” uch kunlik sayohat

  • Davomiyligi3 kun
  • TunashChodir va mehmon uyi
  • BoshlanishiSamarqand, 07:00

Sayohat rejasi

1-kun
  1. Sayohatchilarni kutib olish, yig‘ish va avtobusda Samarqand-Pangat (Qo‘shrabot tumani) yo‘nalishi bo‘ylab jo‘nash.
  2. Pangat qishlog‘iga yetib kelish. Mahalliy aholi va kuzatib boruvchi alpinistlar bilan uchrashuv. Pangat qishlog‘idan o‘tuvchi ikkita buloq va “Niyat daraxti” qadamjosiga tashrif buyurish. Shag‘alsoy darasi bo‘ylab piyoda ko‘tarilish va Nurota tog' tizmasining shimoliy qismidagi qishloqlarni Pangat qishlog‘i bilan bog‘lovchi Pangat dovoniga (2100 m) chiqish.
  3. Tabiat qo‘ynida tushlik qilish.
  4. Pangat dovonidan Fozilmon ko‘liga o‘tish.
  5. Ko‘l bo‘ylab sayr, ko‘l atrofidagi tabobat dunyosi bilan tanishish.
  6. Kechki ovqat va chodirlarda tunash.
2-kun
  1. Chodirda nonushta qilish.
  2. Fozilmon ko‘lidan Fozilmon yassi tog‘ligi bo‘ylab Sop qishlog‘iga piyoda borish. Mahalliy aholi “qal’a” deb nomlovchi qadimiy xaroboor hamda toshga o‘yib bitilgan suratlarni tomosha qilish.
  3. Daryo bo‘yida sayr.
  4. Tog' dovoni bo‘ylab Sop qishlog‘iga borish, mahalliy xalqning turmush tarzi va urf-odatlari bilan tanishish.
  5. Milliy oilaviy mehmon uylariga joylashish, uy egalari bilan tanishish.
  6. Mehmon uyida kechki ovqat.
  7. Mehmon uyida tunash.
3-kun
  1. Mehmon uyida nonushta qilish.
  2. Qadimiy Sop qishlog‘i xarobalariga tashrif buyurish va qishloq bilan tanishish. So‘ngra Samarqand shahriga avtobusda qaytish.
  3. Jizzax shahridagi choyxonada tushlik qilish.
  4. Avtobusda Samarqandga qadar sayohatni davom ettirish.
  5. Samarqandga yetib kelish.

Pangat qishlog‘i

Pangat qishlog‘i

Qishloqning “Pangat” deb nomlanishining ma’nosi “baland qishloq” ma’nosini anglatgan. Pangat qishlog‘i Samarqand viloyatining shimoliy qismida, Nurota tog' tizmasida joylashgan, go‘zal va xushmanzara aholi hududlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli mahalliy xalq orasida “Agar bu dunyoda jannat bo‘lsa, bu Pangatdir” degan gapning yurishi bejiz emasdir.

O‘zining 300 yildan ortiq tarixiga ega bo‘lgan Pangat qishlog‘i Nurota tog' tizmasidagi eng ko‘hna aholi turar joylaridan biri sanaladi. Pangat daryosi yoqasida yashovchi aholi asosan chorvachilik, bog‘dorchilik va qisman dehqonchilik bilan shug‘ullanadi.

Pangat yong‘oqlari Samarqand bozorlarida alohida o‘ringa ega. Qishloqqa har yili ko‘plab sayyohlar tashrif buyurishadi. Ziyoratchilar bu yerga ikki bo‘lakka ajralgan muqaddas buloq suvidan ichish uchun kelishadi. Mahalliy udumlarga ko‘ra, o‘g‘il farzand ko‘rishni xohlagan yosh ota-onalar birinchi buloqdan, qiz farzand kutayotganlari esa ikkinchi buloq suvidan ichishar ekan. Shuningdek, buloq yonida o‘sayotgan “Niyat daraxti”ga bir parcha mato niyat qilib, daraxtga bog‘lab qo‘yiladi.

So‘nggi yillarda Samarqand viloyatining sayyohlik salohiyatini rivojlantirish, sayohatchilar uchun yangi dam olish maskanlarini qurish, mintaqa iqtisodiyotini ko‘tarish, shuningdek, yangi ishchi o‘rinlarini ko‘paytirish maqsadida Pangat qishlog‘ida bir necha mehmon uylari qurildi.

Pangat qishlog‘i

Nurota tog' tizmasi

Nurota tog' tizmasi

Nurota tog' tizmasi – shimoldan Nurota vodiysini qamrab oluvchi Pomir-Oloy tizmasining shimoliy-g‘arbiy tarmog‘i hisoblanadi. Nurota tog' tizmasining eng baland nuqtasi, balandligi 2169 metrga yetadigan Hayotboshi cho‘qqisidir. Nurota davlat qo‘riqxonasiga 1975-yilda asos solingan bo‘lib, o‘zida noyob o‘simlik hamda hayvonot turlarini saqlab qolgan. Nurota tog‘larida yovvoyi bodom, yong‘oq, do‘lana, shuningdek, bo‘ri, tulki, quyon, tog' echkisi, bo‘rsiq, ilon, chumchuq va boshqa hayvonlarni uchratish mumkin. Nurota keng tog‘lari (massivi) asosan granit, basalt, ohaktosh, qum va boshqa jinslardan tashkil topgan.

Fozilmon yassi tog‘ligi va ko‘li

Fozilmon yassi tog‘ligi va ko‘li

Nurota tog' tizmasining dengiz sathidan 1600-1650 metr balandlikdagi markaziy qismida foydali qazilmalarga boy Fozilmon tepaligi joy olgan. Qadimdan mahalliy xalq ushbu hududni nafaqat oltin konlari uchun, balki boshqa tabiiy zaxiralari tufayli ham tadqiq etishgan. Platoning yuragi hisoblangan Fozilmon va uning atrofidagi mayda buloqlar mahalliy fermer hamda cho‘ponlarning ehtiyojlarini qondirishdan tashqari hududda yashovchi barcha yovvoyi hayvon va parrandalarning hayot manbai hamdir. Ko‘lning atrofiga o‘rnatilgan chodirlarda tunovchi mahalliy va xorijiy sayyohlar tong otishi va ufq boshining ajoyib manzarasini ko‘rishga muvaffaq bo‘lishadi.

Sop qishlog‘i

Sop qishlog‘i

Nurota tog' tizmasining shimoliy qismiga bundan bir necha ming yillar oldin odamlar yashashgan. Bunga qadimiy qishloq xarobalari va qoyalarga chizilgan suratlar guvohlik beradi. Sop qishlog‘iga Sentopsoy orqali tushiladigan bo‘lsa, hayratlanarli tog' manzarasiga ko‘zingiz tushishi mumkin. Daradan tushishda daryo bo‘yida o‘suvchi kamyob o‘simlik va butalardan iborat bog‘larga ko‘zingiz tushadi. Mevali daraxtlarning ichida 300-400 yoshdagi haybatli yong‘oq daraxtlarini uchratishingiz mumkin. Aholi hududiga ketish yo‘lida qadimiy qishloq xarobalari saqlanib qolgan. Xalq orasida mazkur xarobazorlarni Qo‘rg‘on deb atashadi. Sop qishlog‘iga ketishda uncha katta bo‘lmagan dovondan o‘tgach sayyohlarning ko‘zlari mahalliy aholi tomonidan noyob an’analarni o‘zida saqlab qolgan ajoyib hamda o‘ziga xos maskanga tushadi.

Suratlar